23.08.2024
Adliya vaziri o‘rinbosari A.Karimov, shahar hokimi N.Jo‘rayevlar Gʻozg‘on shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida, tadbirkorlar asosan, elektr energiyasi, konni auksionga chiqarish shartlarini yengillashtirish, muddatni qisqartirish, eksportyor korxonalar tomonidan ichki bozorga chiqarilayotgan mahsulotlarga qo‘shimcha qiymat solig‘i undiruvida imtiyozlar berish singari masalalarda murojaat qildilar.
Shuningdek, qo‘shma korxona vakillari tomonidan shartnomaviy munosabatlarga oid muammolar ham o‘rtaga tashlandi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Gʻozg‘on shahrida 232 ta sanoat korxonalari mavjud bo‘lib, shulardan, 8 tasi qo‘shma korxonalar bo‘lsa, 17 tasi eksportyor korxonalardir.
Keyingi navbatda vazir o‘rinbosari shahar hokimi hamrohligida Gʻozg‘on shahridagi eng yirik marmar va granit plitalar ishlab chiqarish klaster korxonasi "Marmarobod" MCHJ hamda trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «Premier Textile» fabrikalariga tashrif buyurdi.
Tanishish asnosida, korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, uning eksport salohiyati, yaratilgan ish o‘rinlari va kelgusi rejalar, shu bilan bir qatorda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar, takliflar xususida tadbirkor hamda mas’ullar bilan atroflicha suhbatlashildi.