15.05.2024
Korrupsiya bu — jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Bugun O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda.
Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi, shuningdek Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining tashkil etilishi va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturining tasdiqlanishi mamlakatda korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni samarali amalga oshirilishini taʼminladi.
Xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘plab davlatlarda, xususan Singapur, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH kabi rivojlangan mamlakatlarda “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi, “Davlat xizmatida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunlar hamda davlat xizmatchilari, mansabdor shaxslar, shuningdek sudyalarning xatti-harakat meʼyorlarini tartibga soluvchi Axloq kodekslari mavjud ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Shuni alohida taʼkidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan yuqoridagi xorij tajribasi vazirlik tizimida joriy qilingan bo‘lib, unga ko‘ra xodimlarning fuqarolar, boshqa tashkilotlar xodimlari, jumladan turli joylar va xorijiy mamlakatlarga uyushtiriladigan xizmat safarlari davomida sovg‘alar olishi taqiqlandi. Xorijiy safarlar davomida olingan sovg‘alar, vazirlikka o‘tkaziladigan tartib joriy qilindi.
Bundan tashqari, bugungi kunda ilg‘or xorijiy davlatlarning korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish jarayonida qo‘llayotgan usullaridan biri bu davlat xizmatchilarining mol-mulki, daromadlari hamda katta hajmdagi harajatlarini deklaratsiya qilishning majburiy etib belgilanganligidir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mansabdor shaxslarning noqonuniy daromad olishni oldini olish va manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etishdan iboratdir. Davlat xizmatida ushbu usul bugungi kunda 150 dan ortiq mamlakatda qo‘llanilmoqda.
Korrupsiyani oldini olishning muhim omili shundaki, mamlakatda davlat xizmatchilari yuqori darajadagi ijtimoiy muhofazaga ega: ular bepul tibbiy xizmat va taʼlim olish huquqiga va ijtimoiy kafolatlarga tayanishlari mumkin, bu esa korrupsion harakatlar ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi.
O.Ulug’ov
G’ozg’on shahar adliya bo‘limi boshlig’i