20.03.2024
Assalomu alaykum, aziz hamshaharlar!
Qadrli do‘stlar!
Yangilanish va yasharish ayyomi bilan siz azizlarni — muhtaram otaxon va onaxonlarni, munis va mehribon opa-singillarimizni, jondan aziz suyukli farzandlarimizni, bir so‘z bilan aytganda butun G‘ozg‘on ahlini chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.
Hurmatli hamshaharlar!
Bu yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanmoqda.
Shahrimiz aholisi tomonidan turli joylarida milliyligimizni aks yetuvchi sumalaklar pishirilib, dasturxonlarga bahor ne’matlarini tortib, sayl va tomoshalar qilmoqdalar. O‘zaro mehr oqibat, sahovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navro‘zning fayziga yanada fayz qo‘shmoqda.
O‘lkamizga orziqib kutilgan fasllar kelinchagi, yasharish, yangilanish va gullar fasli bahor kirib keldi. Go‘zal bayramlarga boy bo‘lgan mart oyida tabiat uyg‘onib, barcha hududlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari faollik va ahillik bilan amalga oshiriladi.
Xabaringiz borki, bu yilgi umumxalq xayriya hashari “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida yurtimiz bo‘ylab amalga oshirildi. Bu yo‘nalishda ham bizning G‘ozg‘on shahrimizda juda ko‘p xayrli ishlar qilindi. “Obod mahalla, obod ko‘cha, obod xonadon” tamoyili asosida har bir hududda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Tinch, osuda, toza-ozoda yurtga bayramlar, to‘ylar yarashadi.
Yaratganga beadad shukronalar bo‘lsinki, Muhtaram Yurtboshimizning dono siyosati tufayli xalqimiz tinch, osoyishta, farovon hayot kechirmoqda. Orzu niyatlarga yetishish uchun yurt istiqboli yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Farzand va nevaralarini tarbiyalab kamolini ko‘rmoqda. Inson uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak!
Bugungi keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini, xalqimizning kelajakka bo‘lgan ishonchini ko‘rib, osuda hayotimizning qadriga yetishimiz, shukronalik hissi bilan yashash kerakligini yana bir bor anglab yetamiz.
Mana shu munavvar lahzalarda siz, azizlarga, butun xalqimizga eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.
Barchangizni Navro‘z ayyomi bilan yana bir bor tabriklab, o‘zimning qalbimdagi eng samimiy tilaklarni izhor etaman!
Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik, omonlik, baxt-saodat, qut-baraka olib kelsin!
Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin!
Barchamizning yezgu orzu niyatlarmiz ushalsin. Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!