13.02.2024
Bugun “Inson qadri” tamoyili asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi boʻlgan shaxslarning munosib hayot kechirishi va jamiyatdagi oʻrnini topishi uchun mamlakatimizda mutlaqo yangicha yondashuv asosida ishlar olib borilmoqda. Bunda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi asosiy koʻmakchiga aylanmoqda. Markazlar tomonidan aholiga 49 turdagi ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilib, fuqarolarning yordamga muhtoj qatlamining ijtimoiylashuvi taʼminlanmoqda.
Gʻozgʻon shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan ham hozirgi kunga qadar 5 nafar nogironligi boʻlgan fuqarolarning ishga joylashtirilishida va kasb-hunarga oʻqitilishida amaliy yordam koʻrsatilgan.
Jumladan, Shuhrat Hamroyev hozirda shahar madaniyat markazida toʻgarak rahbari boʻlib faoliyat olib borayotgan boʻlsa, Siroj Rahmonov sangtaroshlik sanʼatini mukammal oʻzlashtirmoqda va oilasiga qushimcha daromad olib kelmoqda.
Shuningdek 3 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar “Xamiza kashtachi-chevar qizlar” korxonasida bandligi taʼminlanib, qadimiy hunarlarni davom ettirib kelmoqda.
“Tumar” mahallasida istiqomat qiluvchi Nurbek Asatovning oyoqlari baxtsiz hodisa tufayli ishlamay qolgan. Oʻzining kuchli irodasini namoyon etib kelayotgan qahramonimizga “Inson” markazi tomonidan elektron nogironlik aravachasi bilan taʼminlangan va viloyat nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markaziga yoʻllanma taqdim etilgan. Matonatli inson hozirda xonadonida payvandlash ishlarini amalga oshirib elga xizmat qilayapti.
Joriy yilda Gʻozgʻon shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari tomonidan 15 ta keys ochilgan boʻlib, 5 tasi fuqarolarning ijtimoiylashuvi taʼminlangandan soʻng yopilgan. Jarayondagi 10 ta keys boʻyicha ham 49 turdagi ijtimoiy xizmatlar orqali murojaatlarini hal etish choralari koʻrilmoqda.