14.01.2024
Assalomu alaykum! Aziz do‘stlar!
Hurmatli Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!
Shu kunlarda barchamiz mamlakatimiz tarixida unutilmas va qutlug‘ sana bo‘lgan 14-yanvar Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 32 yilligini ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlamoqdamiz. Fursatdan foydalanib, barchangizni ushbu muhim sana munosabati bilan samimiy qutlayman.
Bugungi kunda Vatan himoyachisi bo‘lish har bir yigit uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki chinakam orzu, shon-sharaf ishiga aylandi. Zero, barchamiz O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida xizmat qilayotgan, hayotimiz osudaligi, osmonimiz musaffoligi, oilalarimizning tinch va farovonligini ta’minlayotgan yuksak malakali, fidoyi, mard va jasur o‘g‘lonlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Shu o‘rinda, kuni kecha muhtaram Yurtboshimizning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo'llagan bayram tabrigida: “Xalqimiz sizlar kabi mard va jasur harbiylarimiz timsolida Vatanni himoya qilishdek dunyodagi eng ulug‘ ishni sharaf bilan ado etib, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzo singari buyuk ajdodlarimizning shonli an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan ona yurtimizning chinakam qalqonlarini ko‘radi. Mana shu qutlug‘ ayyomda barchamiz sizlarning metin irodangiz, jangovar ruhingiz va shiddatingizga qarab, Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti, sarhadlarimiz daxlsizligi mustahkam ishonchli qo‘llarda ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz”, deya ta’kidlaganlari soha fidoyilariga berilgan yuksak bahodir.
Bugungi kunda mintaqamiz va yon-atrofimizdagi murakkab vaziyatlar, turli tahdid va xavf-xatarlar nafaqat Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilaridan, balki barchamizdan doimiy ogoh bo‘lishni taqozo etmoqda.
Zero, ona Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, yurt sarhadlarini ishonchli va sergak himoya qilish, tinchlik va osoyishtaligimiz barqarorligini ta’minlash har birimizning muqaddas vazifamizdir.
Aziz harbiylar!
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘lik, ulkan muvaffaqiyatlar, kuch-g‘ayrat, shijoat tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz tinchligimiz posbonlari!