Gʻozg‘on shahar hokimi Azim Bazarovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan shahrimiz aholisiga yo‘llagan bayram tabrigi
08.12.2023
Assalomu alaykum, aziz hamshaharlar!
Qadrli tadbir ishtirokchilari!
Avvalombor siz azizlarni, sizlar orqali barcha hamshaharlarimizni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Konstitutsiya – mamlakatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibini belgilaydi. Saylov, fuqarolarning huquq va erkinliklari, sud tizimini, davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.
Barchamizga ma’lumki, joriy yilning 30 aprel kuni mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkazildi.
Ma’lumki, bu jarayonga bir yarim yil mobaynida puxta tayyorgarlik ko‘rildi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvdagi nutqida, “Bosh maqsadimiz – har bir yurtdoshimiz ushbu hujjatni mening Konstitutsiyam deb faxrlanadigan mukammal darajaga olib chiqishdir”, deb ta’kidlagan edilar.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, xalqning fikri o‘rganilganda jamoatchilik tomonidan 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy oldi.
Ushbu takliflar asosida yangilanayotgan Konstitutsiya moddalari soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalari 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilandi. Konstitutsiya davlatimiz barqarorligi va kelajagi, inson manfaatlarining huquqiy asosi ekanligini teran anglagan holda, referendumda faol ishtirok etishdi.
Qadrli hamshaharlar!
Yangilangan Konstitutsiyamizning 1-moddasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, “O‘zbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Davlatning “O‘zbekiston Respublikasi” va “O‘zbekiston” degan nomlari bir ma’noni anglatadi”, - deb belgilab qo‘yilgan. Birgina, moddaga kiritilgan “ijtimoiy davlat” tushunchasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Ijtimoiy davlat har bir inson uchun farovon turmush darajasi, xususan, sifatli ta’lim, kafolatli tibbiy xizmat, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi, pensiya va nafaqalar, ijtimoiy yordam va xizmatlar tizimi yaratilgan, uy-joyli bo‘lish sharoiti mavjud bo‘lgan, ijtimoiy tafovutlar yumshatilgan, muvozanatlashgan, hech bir fuqaro o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolmaydigan adolatli davlatdir. Ushbu g‘oyaning tub negizida avvalo inson qadrini ulug‘lash, insonga xizmat qilishdek oliyjanob maqsad yotadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar “Inson qadri uchun” g‘oyasini bugungi kunning haqiqatiga aylantirdi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Aziz hamshaharlar!
Shu fursatdan foydalanib, barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi bayrami bilan yana bir bor muborakbod etaman.