20.11.2023
O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan G‘ozg‘on shahar hokimligi, shahar Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi, shahar Yoshlar ishlari bo‘limi hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda "Muqaddasdir vatan bayrog‘i" shiori ostida "Bayroqlar festivali" hamda 5000 qadam yurish marafoni o‘tkazildi.
Tadbir avvalida shahar hokimi Azim Bazarov so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini 18-noyabr Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligi shodiyonalari bilan samimiy qutladi.
Shundan so‘ng, shahar markaziy ko‘chasi bo‘ylab sog‘lom korxona, tashkilot va muassasalar vakillari, yoshlar, nuroniylar, faol xotin-qizlar yurish marafonida ishtirok etishdi.
Keyingi navbatda, shahar hokimligi majlislar zalida Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan hududdagi korxona, tashkilot va muassasalar o‘rtasida "Zakovat" intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Tanlovning ushbu bosqichi uchun belgilangan kitoblar ("Jadidlar" turkum to‘plamidan "Mahmudxo‘ja Behbudiy" hamda Javlon Jovliyevning "Qo‘rqma" romani) hamda turli soha va yo‘nalishga doir mantiqiy savollar doirasida jamoalar o‘zaro kuch sinashishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, ushbu bosqichda:
1-o'rin 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasiga nasib etgan bo'lsa, 2-o'rinni 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi, 3-o'rinni 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi "Jadidlar" jamoasi qo‘lga kiritdi.
Kunning ikkinchi yarmida mahallalar, korxona, tashkilot va muassasalar xotin-qizlari o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha shahar birinchiligi o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirok etgan shahar hokimi A.Bazarov dastlab barcha ishtirokchilarni Davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligi bilan qutlab barcha musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
Bellashuvchi jamoalar qur'a tashlash yo‘li bilan aniqlab olindi.
Murosasiz kechgan bahslar yakuniy natijalariga ko‘ra, faxrli 1-o‘rin 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchi-qizlari jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 2-o‘rinni 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi, 3-o‘rinni esa 1-son Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasiga nasib etdi.
Tashkil etilgan tanlov, tadbir va loyihalarda faol ishtirok etgan hamda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar shahar hokimining Diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.