28.08.2023
Assalomu alaykum, hurmatli mehmonlar, forum ishtirokchilari!
Aziz o‘qituvchilar, fidoiy ustozlar, tarbiyachi va faxriylar!
Ushbu muhtasham zalda to‘plangan shahrimizning faol va tashabbuskor, eng ilg‘or ustozlarimizni ikki kun davom etadigan “Sifatli ta’lim – kuchli jamiyat” shiori ostida tashkil etilayotgan “2-Ustozlar milliy forumi” bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Sizlarni ma’naviyat va ma’rifatga beshik bo‘ladigan, ma’rifat, ziyo ulashuvchi ustozlarni bir joyga jamlagan ushbu muhtasham koshonada ko‘rib turganimdan xursandman.
Muhtaram yurtboshimizning: “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan so‘zlari bugun naqadar dolzarb ekanligini davrning o‘zi isbotlab turibdi. Barchamizga ma’lumki, har bir davlatning barqaror taraqqiyoti hamda rivojlanishi inson omiliga, xususan, yosh avlodning bilimi, ijodiy va ma’naviy salohiyatiga bog‘liq.
Shu o‘rinda hurmatli Prezidentimiz “Najot ta’limda, najot tarbiyada, najot bilimda” degan shior asosida ta’lim tizimini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi. Yurtimizda mutlaqo yangicha qiyofa, mazmun va shakldagi zamonaviy Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilmoqda.
Xususan, shahrimizda so‘ngi uch yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 3 tadan 13 taga ko‘payib 4 ta davlat 9 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida shahrimizdagi 3-7 yoshli bolalar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olinib 772 nafar qamrab olishga yoki qamrov darajasini 91,9 foizga oshishiga erishildi.
Xuddi shuningdek, 3 ta umumta’lim maktab bo‘lib, 1528 nafar o‘quvchilar ta’lim olib kelmoqda.
Shu o‘rinda alohida qayd etib o‘tmoqchimanki, 2023-yilda shahrimizdagi 3 ta maktablarni 107 nafar yigit-qizlarimiz bitirdi. Shundan 11 nafar o‘quvchi oltin medallar bilan yakunladi. Ishonamizki, joriy yildagi natijalarimiz o‘tgan o‘quv yilidan yuqori bo‘ladi. Sohada jonkuyarlik bilan, butun vujudi va qalb qo‘rini bag‘ishlab faoliyat yuritayotgan 155 nafar pedagoglarimizga ham kezi kelganda yil davomida qilgan zahmatli va sharafli mehnatlari uchun tashakkur bildiramiz.
Shu o‘rinda shahrimizdagi bir qator maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarning mukammal ta’mirlanayotgani, yangidan qurilayotgani va rekonstruksiya qilinayotgani ham ta’lim sifati va mazmuniga hamohang bo‘lishini ta’kidlab o‘tmoq joiz.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar, unib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama yetuk kamolga yetishida, jamiyatimizga, jonajon O‘zbekistonimizga munosib avlod shakllantirishiga ushbu maskanning ham hissasi beqiyos bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu ta’lim tashkiloti qamrovi 50 nafar yoshga mo‘ljallangan hisoblanadi. Shuning bilan shahrimizda maktabgacha ta’lim yoshidagi bolajonlar qamrovi 91,9 foizni tashkil etadi.
Har gal yoshlarga bilim beradigan, qalb qo‘ri, ko‘z nuri va hayotini ta’limga baxshida etgan Siz aziz ustozlar bilan uchrashganimizda, sizlarning g‘ayratingiz, shijoatingizdan kuch olamiz, ruhiyatimiz yuksaladi. Hammangiz va har biringiz Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yashayotganingizni yaxshi bilamiz. Siz azizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida yuksak qadrlaymiz.
Barchangiz yaxshi bilasiz, biz bugun o‘z oldimizga ulkan marralarni qo‘yganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik. Biz hurmatli yurtboshimiz rahnamoligida oila, maktabgacha va maktab ta’limi hamda oliy ta’limni shuningdek, ilmiy-madaniy dargohlarni bo‘lg‘usi Renessansning eng muhim bo‘g‘inlari sifatida ko‘ramiz va bu boradagi ishlarni eng muhim, dolzarb, deb hisoblaymiz. Shu sababli, ushbu sohalarda tub islohotlarni izchil amalga oshirmoqdamiz.
Sizlar ko‘p kitob o‘qigan, bilimli avlod vakillari sifatida yurtimiz o‘tmishda jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini yaxshi bilasiz. Siz – Xorazmiylar, Farg‘oniylar, Beruniy va Ibn Sinolar, Ulug‘bek, Navoiy va Boburlar, Buxoriylar va Termiziylar ishini sidqidildan davom ettirib, Vatan kelajagi, ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarga dunyoviy bilimlarni, fan sirlarini bekamu ko‘st, to‘laqonli yetkazib berishga bel bog‘lab, bu sharafli ishni az’mu shijoat bilan ado etmoqdasiz. Ana shunday buyuk vatandoshlarimiz yaratgan bebaho bilim va kashfiyotlar bugun ham insoniyatga beqiyos xizmat qilmoqda.
Kezi kelganda yana bir muhim jihatni ta’kidlab o‘tishni ustozlarga hurmatim belgisi sifatida qabul qilasizlar. 2022-2023 o‘quv yilida 2 nafar o‘qituvchilar tarmoq mukofotlari bilan taqdirlangani o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqei oshib borayotgani, Davlat rahbari tomonidan pedagoglarga qaratilayotgan e’tibor va e’zozning yorqin namunasidir.
Vatan kelajagini yaratib beruvchi zahmatli kasb egalari!
Millat taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shayotgan hurmatli ustozlar!
Bahamjihat, do‘stlik va qardoshlik rishtasini mahkam tutib, tadbirni yuqori saviyada o‘tkazamiz, deya ishonaman. Bu muhtasham binoga yaxshi niyat, pokiza qalb bilan qadam ranjida qilgan barchangizga kuch-quvvat, shijoat va zafarlar yor bo‘lsin! Yana bir bor hammangizni kirib kelayotgan “Mustaqilligimizning 32 yillik bayrami bilan chin, qalbimdan tabriklayman.” Sizlarga sog‘liq salomatlik, sihat tilayman. Yurtimiz tinch, hamda yurtboshimiz, sog‘ salomat bo‘lsinlar. Yana bir bor bayramlar muborak bo‘lsin. Hammangizni qo‘llab-quvvatlovchi barcha ustoz, murabbiylar nomidan tabriklayman.