28.06.2023
Assalomu alaykum, qadrli va aziz vatandoshlar!
Sizlarni, siz orqali barcha mo‘min-musulmonlarni xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan Qurbon hayiti ayyomi bilan samimiy muborakbot etaman.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha soha va yo‘nalishlar qatori diniy ma’rifiy sohada ham ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Birgina, mo‘min-musulmonlarimiz uchun yaratilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlar tufayli muqaddas “Haj” va “Umra” ziyoratlariga keng yo‘l ochib berilganligi buning tasdig‘idir.
Mana shunday qutlug‘ hayit kunlarida yaqinlarimizni yo‘qlab, ularning holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va bayramning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan solih amallar bilan o‘tkazish bu kunning ziynatidir.
Muqaddas kitoblarda aytilishicha, payg‘ambarimiz Muhammad (S.A.V) bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo‘lar, yetim-yesirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, muhtojlardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar.
Guvohsizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda muhtaram yurtboshimiz rahnamoliklarida inson qadri, qimmati, eng oliy qadriyat sifatida ardoqlanib kelinmoqda. Hech bir kishi e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Aziz hamshaharlar!
Qisqa vaqt ichida mo‘jazgina shahrimiz ulkan bunyodkorlik maydoniga aylandi. Kundan-kun chiroy ochib bormoqda. Har bir xonadon va guzarlar obod, ko‘chalarimiz charog‘on, yo‘llarimiz ravon bo‘lmoqda. Buning tag zamirida ezgu niyatli otaxon-onaxonlarimizning duolari, orzu intilishlari natijasi deb bilaman.
Shu fursatdan foydalanib, barchangizni muqaddas kun Qurbon hayiti bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Sizlarga uzoq umr, mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga to‘kin-sochinlik, kelgusi ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!