22.05.2023
Korrupsiya bu – mansab mavqyeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan jinoyat turi hisoblanadi. Korrupsiya faoliyati xufyona iqtisodiyotning asosiy turlaridan biridir. Aksariyat hollarda korrupsiya deganda, davlat xizmatchilari tomonidan shaxsiy manfaatlarni koʻzlab boylik orttirish maqsadida xalqdan pora olish, qonunga xilof ravishda pul daromadlarini qoʻlga kiritish tushuniladi.
Etimologik jihatdan “korrupsiya” atamasi “buzish, pora evaziga ogʻdirish” degan ma’noni anglatadigan lotincha “cорруптио” soʻzidan kelib chiqqan. Korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma’muriy munosabatlari ma’no-mohiyatini oʻzgartiradi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yoʻsinda gʻayriqonuniy shaxsiy naf koʻrish maqsadida oʻz xizmat mavqyeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir.
Davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda, biz davlatning nazorat funksiyalarini qancha kuchaytirsak, nazorat bilan shugʻullanuvchi davlat tuzilmalari va organlarini qancha koʻpaytirsak, amaldorlarning zoʻravonligi va korrupsiya shuncha avj olaveradi.
Bugungi kunda pensiya ta’minoti sohasida ham korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanib kelinmoqda. Bunga misol qilib oxirgi yillarda sohaga oid qabul qilinayotgan konseptual amaliyotga ega normativ-huquqiy hujjatlarni alohida ta’kidlab oʻtish zarur.
Prezidentimiz tomonidan korrupsiya masalasiga alohida e’tibor qaratilib, jamiyatni “halollik vaksinasi bilan emlash” zaruriyati xaqidagi fiklari bu borada aytilgan eng toʻgʻri fikr, deb tan olinganligini e’tirof etishimiz lozim.
Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bogʻliq faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Aynan shu vazifalarning amalga oshirilishida oʻz oldimizga korrupsiyaviy xavf-harakatlarga koʻmaklashuvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish uchun aniq vazifalarni belgilab olganmiz. Tizimda joriy yil 20-oktabridan 20-noyabriga qadar “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” e’lon qilinib, bu boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar belgilab olindi. Ushbu chora-tadbirlarga e’tibor qaratadigan boʻlsak, birinchi navbatda, tizim xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan toʻliq tanishtirib chiqish va shu boʻyicha TEST sinovlari oʻtkazishdan iborat.
Chunki har bir xodim amaldagi qonun hujjatlari mazmun- mohiyatini bilmas ekan, korrupsiyaga qarshi kurashishni ham bilmasligi aniq. Shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik muqarrarligi yuzasidan har bir xodim bilan alohida suhbat olib borish, boʻlimga tashrif buyurayotgan fuqarolar bilan etika, odob-axloq qoidalariga rioya qilan holda muomalada boʻlish, har bir tumanda huquqni muhofaza qilish boʻlimi va diniy idoralar xodimlari bilan birga seminar-treninglar tashkil etish, hududiy boshqarmalar tomonidan barcha tuman Pensiya jamgʻarmalarida “Sirli murojaatchi” tadbirlarini tashkil qilish kabi vazifalar belgilab olindi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, tizimda korrupsiyaga qarshi qanchalik qattiq chora va tadbirlar koʻrilishiga qaramay, joriy yilda ham soha vakillari orasida shu kabi noxush holatlar kuzatilgani sir emas.
Maqsadimiz ushbu illatga qarshi kurash olib borishni yanada kuchaytirish, barcha xodimlarga korrupsiya halokatga yetaklovchi yoʻl ekanligini, har bir xodim bu ishga qoʻl urishidan oldin oilasi, farzandlarini koʻz oldiga keltirmogʻi kerakligini tushuntirishdan iborat. Zero, bunday ishlar uning barcha yaqinlariga salbiy ta’sir etishi bilan birga, u faoliyat yuritayotgan boʻlimda halol, pok ishlab kelayotgan hamkasblarining ham tinchini buzib, halovati yoʻqolishiga sabab boʻladi.