21.04.2023
Assalomu alaykum, qadrli va aziz vatandoshlar!
Sizlarni, siz orqali yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi – muborak Ramazon hayiti bilan samimiy tabriklayman.
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yurtdoshlarimizning vijdon erkinligi borasidagi huquqlarini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli yaratilgan qulay imkoniyatlardan samarali foydalanib, xalqimiz muborak Ramazon oyini tinchlik-xotirjamlik va shukronalik bilan o‘tkazmoqda.
Aziz do‘stlar!
Hurmatli Prezidentimiz har yili Ramazon hayiti kunini umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash bo‘yicha tegishli Farmon va qarorlarni qabul qilib kelmoqda.
Kuni kecha tasqdiqlangan "Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, bu yil mamlakatimizda 21-aprel kuni Ramazon hayiti sifatida keng nishonlash hamda aholining Ramazon hayiti bayramini munosib kutib olish va yuksak saviyada o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlar maqsadida 24-aprel dushanba kuni ish haftasining turidan qat’iy nazar barcha xodimlar uchun dam olish sifatida belgilandi.
Bu yilgi Ramazon oyi “Inson qadri – yuksak qadriyat” ezgu tamoyili asosida butun Respublikamiz bo‘ylab ko‘tarinki ruhda yuksak saviyada o‘tkazildi.
Bu esa o`z navbatida bayramga alohida fayz va tarovat bag‘ishlamoqda.
Muborak Ramazon oyida bir guruh kam ta’minlangan, jamiyat, ilmu-urfon, yoshlar ta'lim-tarbiyasi uchun xizmati singan fuqarolarimiz "Umra" ibodatlarini ado etib qaytishdi. Yoyinki, kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadonlar, yakka-yolg'iz keksa nuroniylar holidan xabar olindi, iftorlik dasturxonlari yozib berildi. Bu esa o'z navbatida mamlakatimizda olib borilayotgan odilona, oqilona siyosat, yuksak insoniylik fazilati desam aslo yanglishmayman.
Qadrli hamshaharlar!
Ushbu qutlug‘ ayyomni avvalambor oilamiz davrasida, nuroniy, duogo‘y otaxonu-onaxonlarimiz bilan kutib olishimiz kerak. Shuningdek, bayram kunlari yon atrofdagi qo‘shnilarimiz-u, kam ta’minlangan oilalardan xabar olish, yoshi ulug‘ qariyalarimiz duosini olib, o‘tkazishimiz ayni muddaodir.
Hadisi shariflarda aytilganidek, "Chinakam musulmon o‘ziga ravo ko‘rgan barcha yaxshiliklarni boshqa insonlarga ham ravo ko‘radi".
Aziz hamshaharlar!
Barchangizni muqaddas Ramazon hayiti bilan yana bir bor samimiy qutlayman. Sizga uzoq umr, mustahkam sog`lik, tinchlik-xotirjamlik, xonadonlaringizga fayzu-baraka tilayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo’lsin!