20.03.2023
Assalomu alaykum, aziz hamshaharlar!
Qadrli do‘stlar!
Yangilanish va yasharish ayyomi bilan siz azizlarni — Muhtaram otaxon va onaxonlarni, munis va mehribon opa-singillarimizni, jondan aziz suyukli farzandlarimizni, bir so‘z bilan aytganda butun G‘ozg‘on ahlini chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.
Mana shunday qutlug‘ kunda siz azizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik va totuvlik, fayz va baraka tilayotganimdan bag‘oyat shodman.
Muhtaram do‘stlar!
Shu fursatdan fodalanib, shahrimizda o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar xususida qisqacha to‘xtalib o‘tsam. Gʻozg‘on shahrida o‘tgan yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-yanvardagi “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-98-sonli qarori asosida “Tumar” MFY A.Temur ko‘chasidagi 1,5 km ichki yo‘llarini qiymati 2450,0 mln.so‘m mablag‘ hisobida to‘la ta’mirlash ishlari bajarildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarda "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-172-sonli qaroriga asosan o‘tgan yilda shahardagi “Shayxon” va “Guliston” mahalla fuqarolari yig‘inlarida “Obod mahalla” dasturi doirasida obodonlashtirish hamda mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi ijtimoiy, infratuzilma va kommunal soha ob’yektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish belgilangan bo‘lib mazkur mahalla fuqarolar yig‘inlarida amalga oshiriladigan qurilish ta’mirlash ishlari uchun barcha manbalardan jami 27 300,0 mln.so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
“Shayxon” MFYda qiymati 778,8 mln.so‘m bo‘lgan yangidan mahalla binosini, qiymati 791,6 mln.so‘m bo‘lgan “Guliston” MFYda yangidan mahalla binosini qurish belgilangan bo‘lib ishlar to`liq yakunlandi.
“Shayxon” MFY da 4,2 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobidan 4,8 km asfalt, 2 km beton hamda 3,6 km tuproq yo‘lni shag‘al yo‘lga o‘tkazish va 1,3 km piyodalar yo‘lagini qurish ishlari amalga oshirildi.
“Guliston” MFYda 1,1 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobidan 3,0 km asfalt qilish ishlarini amalga oshirish belgilangan bo‘lib ishlar to‘liq amalga oshirildi.
“Shayxon” MFYda qiymati 1,14 mlrd. so‘m bo‘lgan jami 10,6 km suv quvurini tortish ishlari bajarildi.
“Guliston” MFYda qiymati 193,5 mln. so‘m bo‘lgan jami 1,4 km suv quvurini tortish ishlari to‘liq 100% tugatilib, asosiy suv tarmog‘iga ulash ishlari bajarildi.
Bunday misollarni, amalga oshirilayotgan ishlarni soatlab gapirishimiz mumkin. Ta’bir joiz bo‘lsa, bunday misollarga o‘zlaringiz ko‘z o‘ngingizda bo‘layotganiga guvohsizlar.
Bunday bunyodkorlik ishlarimizni bu yil ham davom ettiramiz.
Hurmatli hamshaharlar!
Xalqimizda “Tinch yurtga bayramlar, to‘ylar yarashadi” degan teran mazmun-mohiyatga ega hikmatli ibora bor. Yaratganga beadad shukronalar bo‘lsinki, Muhtaram Yurtboshimizning dono siyosati tufayli xalqimiz tinch, osoyishta, farovon hayot kechirmoqda. Orzu niyatlarga yetishish uchun yurt istiqboli yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Farzand va nevaralarini tarbiyalab kamolini ko‘rmoqda. Inson uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak!
Bugungi keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini, xalqimizning kelajakka bo‘lgan ishonchini ko‘rib, osuda hayotimizning qadriga yetishimiz, shukronalik hissi bilan yashash kerakligini yana bir bor anglab yetamiz.
Mana shu munavvar lahzalarda siz, azizlarga, butun xalqimizga eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.
Barchangizni Navro‘z ayyomi bilan yana bir bor tabriklab, o‘zimning qalbimdagi eng samimiy tilaklarni izhor etaman!
Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik, omonlik, baxt-saodat, qut-baraka olib kelsin!
Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin!
Barchangizga yangilanish va yasharish ayyomi bo‘lmish, Navro‘zi olam yana bir bor muborak bo‘lsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin!
Bayramingiz muborak bo`lsin!