14.11.2022
Assalomu alaykum hurmatli shifokorlar!
Qadrli soha faxriylari va fidoyilari!
Avvalo, siz, azizlarni, siz orqali butun yurtimiz tibbiyot xodimlarini kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etaman.
Dard-u tashvishiga mahlam izlagan inson borki, shifo istab sizga yuzlanadi. Sizning jafokash mehnatingiz, insonning dard-u tashvishini o‘z dardi deya qabul qiladigan tibbiyot xodimlariga yana bir bor o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Negaki, o‘tgan davrlar mobaynida jahon afkor ommasi oldida yengib bo‘lmas qoyadek bo‘y ko‘rsatgan karonavirus pandemiyasi davrida siz tibbiyot xodimlarining insoniyat salomatligi uchun qilgan ishlaringiz tahsinga loyiq.
Hurmatli Yurtboshimizning, tibbiyot xodimlari e’tirofida aytgan, - “Xalqimiz sizlarning timsolingizda o‘z hayotini ana shunday ulug‘ va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan, el-yurt salomatligini asrash yo‘lida bor bilim va tajribasi, iste’dod va mahoratini safarbar etib kelayotgan sharafli kasb egalarini ko‘radi hamda mashaqqatli mehnatingizni doimo munosib qadrlaydi. Chindan ham, inson salomatligi jamiyatning bebaho boyligi, shifokorlar esa ana shu boylikning fidoyi posbonlaridir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, - degan fikrlari bugungi kunning ayni haqiqatiga aylanib bormoqda.
Aziz do‘stlar!
Bugungi kunda izchillikda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar, yaxshilanishlar, bu albatta inson qadr-u qimmati uchun xizmat qilmoqda. Birgina shahrimiz bo‘ylab ham barcha soha va yo‘nalishlar kabi tibbiyot sohasida ham qanchadan-qancha ishlar qilinmoqda. Bu jarayonlarni albatta xalqimiz, tibbiyot xodimlari sezib, anglab turibdi.
Bu kabi ezgu va xayrli ishlarimizni kelgusi yillarda ham tizimli ravishda yuksaltirib boraveramiz, zero, “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!”.
Aziz va muhtaram tibbiyot xodimlari!
Muhtaram yurtboshimizning, “Biz o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk maqsad – Yangi O‘zbekistonni barpo etishga faqat sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina qodir bo‘lishini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz”, - degan fikrlarini teran anglab yetmog‘imiz lozim.
Shunday ekan, siz kabi mehnatidan hurmat va e’zoz topgan tibbiyot xodimlari, yana bir bor kasb bayramingiz bilan qutlashga ijozat berasiz.
Sizlarning barchangizga sihat-salomatlik, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizga ulkan yutuq va omadlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Qadringiz va qaddingiz baland bo‘lsin, tibbiyot xodimlari!
Azim Bazarov
G‘ozg‘on shahar hokimi