08.07.2022
Assalomu alaykum Aziz hamshaharlar,
Qadrli musulmon birodarlar hamda shahrimiz mehmonlari!
Sizlarni, Siz orqali barcha oila a’zolaringizni mehr oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi, islom olamidagi ulug’ bayram, muborak qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Har bir xonadonda, mahallada ko’tarinkilik bilan nishonlanadigan qutlug’ qurbon hayitida hammamiz avvalo shunday kunlarga yetkazgani uchun Olloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.
Bu qutlug’ bayramning mohiyatida mujassam bo’lgan ezgu va savob ishlar qilib yashash, o’zaro yordam, mehr-saxovat, sabru qanoat, shukronalik, tinchlik va sog’likni qadrlashdek ulug’ fazilatlar bugun alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu ma’noda, aynan mana shunday muqaddas qadriyatlarimiz bugungi murakkab vaziyatda el-yurtimizga qo’shimcha kuch-g’ayrat, chidam va bardosh ato etmoqda, desak, to’g’ri bo’ladi.
Muqaddas Qur’oni karimning bir necha o’rinlarida xayr-ehson, ezgulikning mukofoti faqat yaxshilik ekani alohida ta’kidlangan. Bu kabi purma’no hikmatlar bugungi sinovli kunlarda jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat va muruvvat, o’zaro totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhitining tobora yuksalib borishida aks etmoqda.
Qadrli hamshaharlar va shahrimiz mehmonlari!
Barchangizni yana bir bor barchangizni ulug’ qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etgan holda, oilalaringizga tinchlik va farovonlik, shaxsiy hayotingizda baxt va saodat tilayman. El yurtimizning shu muborak kunlarda qilgan duolari, ezgu niyalari ijobat bo’lsin.
Jonajon yurtimizda, xonadonlarimizda tinchlik va xotirjamlik, fayzu baraka bardavom bo’lsin.
Ezgu va xayrli ishlarimiz, intilishlarimizda Yaratganning o’zi madatkor bo’lsin.
E’tiborlaringiz uchun rahmat!