24.03.2022
Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Qadrli do‘stlar!
Jannatmakon ona yurtimizga barchamiz orziqib kutgan Navro‘zi olam kirib kelmoqda.
Mana shu ulug‘ ayyom bilan siz azizlarni — Muhtaram otaxon va onaxonlarni, munis va mehribon opa-singillarimizni, jondan aziz suyukli farzandlarimizni, bir so‘z bilan aytganda butun G‘ozg‘on ahlini chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.
Mana shu qutlug‘ kunda siz azizlarga sihat salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik va totuvlik, fayz va baraka tilayman.
Muhtaram do‘stlar!
Shahrimiz aholisi tomonidan turli joylarida milliyligimizni aks etuvchi sumalaklar pishirilib, dasturxonlarga bahor ne’matlarini tortib, sayl va tomoshalar qilmoqdalar. O‘zaro mehr oqibat, sahovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navro‘zning fayziga yanada fayz qo‘shmoqda.
Bundan tashqari shahrimizda zamonaviy, namunaviy tipdagi arzon uy-joylar, maktabgacha ta’lim, umumta’lim va tibbiyot muassasalari, maorif va madaniyat maskanlari barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Shu qatorda, shaharimizda kun sayin chiroy ochib borayotgan, yuqori quvvatli yangi ishlab chiqarish zavod va korxonalari ham ishga tushmoqda.
Hurmatli yurtdoshlar !
Ushbu yilimizni nomlash chog'ida yurtboshimiz - «Inson qadrini ulug‘lash — yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahalla hal qiluvchi o‘rin tutadi», deb taakidlab o'tgandilar. Shu asnosida 2022 yil «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» deb nomlangandi.
Xuddi shuningdek, 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2026 yilgacha ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinadi.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Xalqimizda “Tinch yurtga bayramlar, to‘ylar yarashadi” degan teran mazmun-mohiyatga ega hikmatli ibora bor. Yaratganga beadad shukronalar bo‘lsinki, Muhtaram Yurtboshimizning dono siyosati tufayli xalqimiz tinch, osoyishta, farovon hayot kechirmoqda. Orzu niyatlaga yetishish uchun yurt istiqboli yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Farzand va nevaralarini tarbiyalab kamolini ko‘rmoqda. Inson uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak!
Bugungi keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini, xalqimizning kelajakka bo‘lgan ishonchini ko‘rib, osuda hayotimizning qadriga yetishimiz, shukronalik hissi bilan yashash kerakligini yana bir bor anglab yetamiz.
Mana shu munavvar lahzalarda siz, azizlarga, butun xalqimizga eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.
Barchangizni Navro‘z ayyomi bilan yana bir bor tabriklab, o‘zimning qalbimdagi eng samimiy tilaklarni izhor etaman!
Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik, omonlik, baxt-saodat, qut-baraka olib kelsin!
Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin!
Barchamizning ezgu orzu niyatlarmiz ushalsin. Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!