07.03.2022
Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar!
Hurmatli opa-singillar!
Shahrimizning lobar qizlari!
Avvalo, Siz azizlarni, butun yurtimiz ayollarini 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Inson hayoti va jamiyat rivojida muqaddas Ona zoti, munis ayollarimizning beqiyos o’rnini oddiy so’zlar bilan ifoda etish nihoyatda qiyin vazifa.
Yurtboshimizning ta’biri bilan aytganda Sizlar biz uchun avvalo muqaddas ona, aziz Vatan, oila timsoli, bitmas-tuganmas mehr, ezgulik va kuch-g’ayrat manbaidirsiz.
Bugun biz barcha sohalarda marrani juda katta olyapmiz, qancha-qancha ulkan dasturlar, reja va loyihalarni amalga oshiryapmiz. Ular birinchi navbatda onalarimiz, opa-singillarimiz, aziz farzandlarimizning hayot va mehnat sharoitini yaxshilashga qaratilgan.
Sizlarga ma’lumki, ko’p ming yillik davlatchiligimiz tarixida buyuk namoyandalarimiz, mohir sarkarda va siyosatchi bo’lgan ota-bobolarimiz yonida hamisha oqila, jasur va fidoyi momolarimiz ham o’zlarining yuksak aql-zakovati, teran fikr va mulohazalari, amaliy harakatlari bilan mamlakat taraqqiyoti va ravnaqiga munosib hissalarini qo’shib kelganlar.
“Donishmand xalqimiz hamisha ayollarni e’zozlab yashagan, xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko’rsatib yashash el-yurtimizga xos azaliy qadriyatga aylangan.
Buni muqaddas Qur’oni karimning eng katta suralaridan biri – “Niso”, ya’ni “Ayollar” deb atalishi ham tasdiqlaydi. Alloh taolo ushbu surada insonlarni ayollarga adolatli munosabatda bo’lishga da’vat etadi.
Joriy yilning 1 mart kuni davlatimiz rahbari boshchiligida bo’lib o’tgan videoseletorda ham xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash sohasining yangi tizimi belgilab berildi.
Aziz opa-singillar!
Payg’ambarlarni ham ona dunyoga keltirgan, ayollar sharafiga Tojmahallar qurilgan, bir dona holiga go’zal shaharlar fido qilingan, shoirlarga eng shoh satrlar ilhomini bergan, xukmdorlarga ulkan shaharlarni obod etish g’ayratini baxsh etgan ayol zotini ulug’laydigan kunlarimiz bor bo’lsin!
Halqimizda “Otasi yaxshi - bittasi yaxshi, onasi - yaxshi hammasi yaxshi” degan naql bor. Jami fazlu yaxshilik ayoldan boshlanadi. Darhaqiqat, ayolga nima kerak? Ayolga baxt, mehr va muhabbat kerak! Har bir ayol o’z oilasi, qo’rg’oni, ko’ngli tinch, yurti va farzandi omon, boshida turgan boshpanohi-turmush o’rtog’i sog’ bo’lsa, hamisha o’zida yashashga, turmushda katta o’zgarishlar yasashga kuch topa oladi.
Bobolarimiz e’tirof etganlaridek, hayotimizga mazmun bag’ishlaydigan, bizni hamisha odamiylik, mardlik, oliyjanoblik sari chorlaydigan, sabr-toqat, sadoqat sohibasi bo’lmish ayolning mehr-muhabbati va zahmatini hyech narsa bilan o’lchab bo’lmaydi.
Bu ko’hna tarix To’maris, Nodirabegim, Gulbadanbegim, Uvaysiy, Zulfiya, Saida Zunnunovadek buyuk ajdodlarimizning millatimiz sha’ni, or-nomusini saqlash yo’lidagi jasoratlariga guvohdir. Ulug’ momolarimizga xos bo’lgan noyob fazilatlar zamonamiz ayollari siymosida ham davom etayotganidan behad faxrlanamiz.
Oila – bu mehr va baxt qo’rg’oni. Oila bor ekan, farzand degan bebaho ne’mat bor, insoniy qadr-qimmat va ma’naviyat bor. Oilaviy baxt bu – eng ulug’ saodatdir. Mashhur qo’shiqlardan birida aytilganidek, “Uyida baxti borlar – har yerda baxtiyordir”.
Aziz va muhtarama opa-singillar!
Sizlarni 8 mart bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Doimo yaqinlaringiz, farzand va nabiralaringiz, el-yurtimiz ardog’ida bo’lib yurish nasib etsin!
Umringiz uzoq, baxtingiz ziyoda bo’lsin!
Go’zal bayramingiz muborak bo’lsin!
G'ozg'on shahar hokimi Azim Danikulovich Bazarov