07.12.2021
Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Qadrli hamshaharlar!
Shu kunlarda barchamiz tinch va farovon hayotimizning muhim kafolati hamda mustahkam huquqiy poydevori bo’lgan Bosh qomusimiz O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma to’qqiz yilligini ko’tarinki kayfiyat, ulkan yutuqlar bilan qarshi olmoqdamiz.
Fursatdan foydalanib, Sizlarni va sizlar orqali barcha shahrimiz ahlini ushbu muqaddas ayyom bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
E’tirof etish joizki, mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishda Bosh qomusimiz muhim huquqiy asos bo’lib xizmat qilmoqda.
Zero, muhtaram Yurtboshimizning ta’birlari bilan aytganda: “O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hyech kimga qaram bo’lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo’lib kelmoqda”.
Bu ezgu islohotlar samarasini shahrimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik, obodonchilik ishlari misolida ham ko’plab keltirishimiz mumkin.
Xususan, joriy yilning o’tgan davrida shahrimizda 400 ta doimiy ish o’rinlari yaratilib, 341 kishi ish bilan ta’minlandi.
Joriy yilda shahrimizning 2 ta mahallasida “Obod mahalla” dasturi doirasi qariyb 47,1 milliard so’mlik ishlar yakdillik bilan olib borilmoqda.
2020-2022 yillar uchun mahalliy tadbirkor va xorijiy investorlar ishtirokida qiymati 56,4 mln. dollar bo’lgan 17 ta loyiha ishlab chiqildi.
Shu kungacha loyihalarning 11 tasi ishga tushirildi. Barcha 11 ta loyihaning ishga tushirilishi natijasida jami 635 ta yangi ish o’rinlari yaratildi.
Bugungi kunda O’zmilliybank tomonidan 19,7 mln dollar mablag’lar ajratildi.
Ajratilgan kreditlarning jami summasi 19,7 mln dollarni tashkil qilib, ushbu loyixalarning umumiy qiymati 44,3 mln dollarni tashkil qiladi.
Bugungi kunda 12,1 mln dollar miqdoridagi investisiya mablag’lari o’zlashtirilmoqda.
Bundan tashqari shaharda sanoat yo’nalishida 166,8 mlrd so’mlik 15 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 218 ta yangi ish o’rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Shundan o’z mablag’idan 98.3 mlrd so’m, bank krediti hisobidan 4,9 mlrd so’m, xorijiy kredit liniyasidan 1 mln 950 ming AQSh dollar, 4 mln 94 ming AQSh dollarlik to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investisiya)lar o’zlashtirilishi rejalashtirilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PF-6244-son Farmoniga asosan, G’ozg’on shahrida mineral momiq (vata), tabiiy toshlardan pardozbop va qurilish plitalarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda shaharda Qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi uchun 20 gektar yer maydoni ajratilgan bo’lib, 14 ta lotga bo’lingan va ushbu sanoat zonasini muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari bilan ta’minlash maqsadida dastlabki xisob-kitoblari ishlab chiqilgan bo’lib, jami harajatlar 1 mlrd. 890 mln.so’mni tashkil etmoqda.
Joriy yilning 2-noyabr kuni o’tkazilgan videoselektor yig’ilishida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, G’ozg’on shahar “Marmarobod” MFY hududida “Yangi O’zbekiston” massivi qurilishi uchun jami 5,6 gektar yer maydoni tanlab olingan. Massivning bosh rejasi taklifi ishlab chiqilgan bo’lib, unga ko’ra yangidan barpo etiladigan massivda 10 ta 5 qavatli turar-joy binolari, 360 o’rinli umumiy o’rta ta’lim maktabi, 90 o’rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, mahalla guzari binosi, bolalar maydonchalari hamda avtoturargohlar barpo etish ko’zda tutilgan.
Aziz hamshaharlar!
Shahrimiz sportchilarining joriy yil Osiyo chempionati, xalqaro sport musobaqalari va kuboklarida 1 ta oltin, 2 ta bronza medallarini qo’lga kiritgani yoshlarimiz orasida haqiqiy iste’dodlar kamolga yetayotganidan dalolat beradi.
Bunday e’tiborga javoban, yoshlarimiz mamlakatimizning kelajakda yanada ravnaq topishida, mustaqilligini mustahkamlashda, jahon maydonidagi o’rnini yuksaltirishda o’z bilim va tafakkuri, tashabbusi, izlanish va intilishi bilan munosib hissa qo’shishlariga ishonamiz.
Qadrli do’stlar!
Fursatdan foydalanib, Sizlarni va sizlar orqali barcha shahrimiz ahlini yana bir bor qutlug’ sana bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, Vatanimiz ravnaqi yo’lidagi ezgu ishlaringizga omad tilayman.
Jannatmakon yurtimizga hyech qachon ko’z tegmasin.
Bayramingiz muborak bo’lsin!